Investline Bozorlar va investitsiyalar
Boʻlimlar
Iqtisodiyot

Ilon Mask Paramount va Warner Bros.ni birlashtirgan kompaniyaning ham-egasiga aylandi

Skydance media-konglomerati rahbari Devid Ellison Ilon Mask Paramount va Warner Bros. Discovery birlashuvidan soʻng tashkil topgan kompaniyaga sarmoya kiritganini tasdiqladi.

19-noyabr, 17:22По-русски
MINISTÉRIO DAS COMUNICAÇÕES / Wikimedia Commons

Bu haqda direktorlar kengashi raisi va Skydance bosh direktori chorshanba kuni The New York Times Manxettendagi Jazz at Lincoln Center madaniyat markazida oʻtkazgan DealBook Summit konferensiyasida maʼlum qildi.

Boshlovchi Endryu Ross Sorkin Ellisondan CNBC va Semafor nashrlaridagi, Tesla va SpaceX asoschisi Skydanceʼga qariyb 1 milliard dollar sarmoya kiritgani haqidagi xabarlar yuzasidan soʻradi. Ellison Mask aksiyadorlar qatoriga kirganini tasdiqladi, biroq aniq summani aytmadi.

Ellison Maskni zamonamizning eng buyuk tadbirkori deb atab, uni bir vaqtning oʻzida Nikola Tesla va Tomas Edison bilan taqqosladi. Uning soʻzlariga koʻra, kompaniya kelajakda biznesmen bilan hamkorlik qilishga tayyor, ammo hozircha aniq qoʻshma loyihalar yoʻq.

Shu bilan birga, milliarderning film yuzasidan yuridik daʼvolari boʻlishiga qaramay, Skydance Aleks Gibnining «Mask» hujjatli filmidan voz kechmoqchi emas. Filmning HBO Max platformasidagi premyerasi hamon 2027 yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan.

Ellison kompaniyaning rejalari haqida ham gapirdi. Skydance yiliga kamida 30 ta film chiqarish va kontentga 30 milliard dollardan koʻproq mablagʻ sarflashni rejalashtirmoqda. CNN va CBS News tahririyatlarini birlashtirish rejalashtirilmagan.

Qiymati 111 milliard dollar boʻlgan Paramount Skydance va Warner Bros. Discovery birlashuvi boʻyicha bitim 6 oktabr kuni yakunlandi. Uni Oracle asoschisi Larri Ellison va RedBird Capital Partners jamgʻarmasi qoʻllab-quvvatladi.