Nvidia SECga odatiy hisobotini topshirmay, tushunarsiz vaziyat yaratdi
Nvidia choraklik 10-Q hisobotini SECga yaqin haftalargacha topshirishni kechiktirdi. Kechikish Jensen Huangga nisbatan olib borilayotgan tekshiruv yuzasidan ehtimoliy maʼlumotlar oshkor etilishi bilan bogʻliq.

Nvidia odatda moliyaviy natijalarini eʼlon qilgan kuni 10-Q hisobotini topshirardi. Biroq bu safar bosh direktor vazifasini bajaruvchi va moliya direktori Colette Kress sabablarini tushuntirmasdan, hisobot «yaqin haftalarda» topshirilishini aytdi.
Hujjat kompaniya faoliyati, jumladan sud jarayonlari va xavf omillari haqida batafsilroq maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. UBS tahlilchisi Timothy Arcurining aytishicha, rahbariyat kechikishni Nvidia bosh direktori Jensen Huangga nisbatan davom etayotgan tekshiruv hamda yangi xavf omillari qoʻshilishi ehtimoli bilan bogʻlagan.
Oʻsha kuni SEC Nvidia kompaniyasini oshkor qilingan maʼlumotlarda investorlarni chalgʻitgan boʻlishi mumkinligi sababli tekshirayotgani haqida xabarlar paydo boʻldi. Kompaniya, shuningdek, hamkorlari Xitoyga yetkazib berilishi cheklangan sunʼiy intellekt chiplarini sotgani haqidagi daʼvolar boʻyicha federal tekshiruvlarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, Huang Megaspeed rahbari Alice Huang bilan ishqiy munosabatda boʻlganini tan olgani va kompaniya xodimalari bilan boshqa aloqalari haqidagi xabarlar ortidan Nvidia ichki tekshiruv oʻtkazmoqda.
Arcuri «sotib olish» tavsiyasini saqlab qoldi, biroq aksiyalarning maqsadli narxini $240 dan $220 gacha pasaytirdi. 10-Q hisoboti topshirilgach, investorlar yangi maʼlumotlar bor-yoʻqligini aniqlash uchun hujjatni oʻrganadilar.


